So‘ngi yillarda viloyat sanoatida shiddat bilan rivojlanayotgan sohalardan biri bu qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidir. Xususan, 2017-2021 yillar mobaynida viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishida umumiy qiymati 4,3 trln.so‘m bo‘lgan 395 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish hisobiga yillik 2,1 trln.so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlari va 9,0 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari barpo etildi.
E’tiborlisi, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni samarali davom ettirish uchun viloyatda yetarli miqdorda xom-ashyo bazasi va tabiiy zaxiralar mavjud. Jumladan, bugungi kunda viloyatda 54 ta istiqbolli geologik qidiruv maydonlari mavjud bo‘lib, shundan 12 tasida g‘isht-cherepitsa, 20 tasida sement, 10 tasida qum-shag‘al aralashmasi, 5 tasida mineral tola uchun xom-ashyo 3 tadan tabiiy pardozbop toshlar va qurilish toshlar hamda 1 tasida shisha xom-ashyolari mavjud.
Xususan, bugungi kunda qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishida umumiy qiymati 828,0 mln.dollarlik 160 ta loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar hisobiga 763,0 mlrd.so‘mlik qo‘shimcha quvvatlar va 9,2 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatda qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xom-ashyo bazasini samarali o‘zlashtirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 iyundagi PF-6244 sonli farmoni bilan viloyatimizning Pop, Chust, Uychi va Uchqo‘rg‘on tumanlari qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tumanlar safiga kiritildi.
Mazkur tumanlarda umumiy maydoni 50,3 gektardan iborat 4 ta qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari barpo etilmoqda. Ushbu kichik sanoat zonalarida amalga oshirilish rejalashtirilgan loyihalar hisobiga yillik 8,5 mln.tonna pishiq g‘isht, 25,0 ming kub.metr tabiiy pardozbop toshlar, 500 mln.tonna sement, 170 ming tonna ohak ishlab chiqariladi.
Viloyat bo‘yicha 2021 yilda 753,8 mlrd.so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, amalga oshirilayotgan ishlar hisobiga bu ko‘rsatkich 2022 yilda 867,0 mlrd.so‘mga, 2023 yilda 997 mlrd.so‘mga, 2024 yilda 1146,0 mlrd.so‘mga, 2025 yilda 1318,0 mlrd.so‘mga, 2026 yilda 1516,0 mlrd.so‘mga yetishi hisob-kitob qilinmoqda.