Yalpi majlisda Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan joriy yil 23-27 noyabr kunlari viloyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni kompleks ravishda o‘rganish yakunlari ham muhokama qilindi.

Hisobotda viloyatni har tomonlama rivojlantirish, ayniqsa, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sanoat tarmog‘ini kengaytirish, to‘qimachilik sohasini yanada rivojlantirish va bu orqali aholi daromadlarini oshirishga erishish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Xususan, hududda 2020 yilning to‘qqiz oyida ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot hajmi 18 trillion 554,6 milliard so‘mni, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 104,5 foizni tashkil etgan.


Mahalliy byudjet daromadlari prognoz rejasi amalda 105,6 foizga bajarilganligi natijasida byudjetga 76,3 milliard so‘m qo‘shimcha manbalar shakllantirilgan.

Pandemiya davrida 252 ta korxonaning 5,6 milliard so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligi, tadbirkorlik sub’ektlarining 2 ming 412 ta kredit shartnomasi bo‘yicha 502,6 milliard so‘mlik to‘lovlar muddati uzaytirilgan.

Bundan tashqari, viloyatda 258,7 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,5 foizga o‘sgan.

Hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 3,4 trillion so‘mga teng bo‘lgan 1 ming 270 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 16 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Shuningdek, yalpi majlisda viloyatni rivojlantirish borasida o‘z yechimini kutib turgan ayrim muammo va kamchiliklar mavjudligi ham qayd etildi.

Jumladan, bugungi kunda viloyatdagi 54 ta bo‘sh turgan davlat ob’ektidan samarali foydalanish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmayapti. Kredit ajratish kechikayotganligi bois 14 ta yirik loyihani belgilangan muddatda ishga tushirmaslik xavfi mavjud.

Namangan tuman kanalizatsiya nasos stansiyasi 1984 yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi vaqtga qadar ta’mirlash ishlari olib borilmagan. Uchqo‘rg‘on tumani markazidagi 1985 yilda qurilgan suv tozalash inshooti quvvatiga nisbatan sutkasiga 1,7 barobar ko‘p chiqindi qabul qilinayotganligi sababli tez-tez avariya holatlari yuzaga kelmoqda.

Shu bilan birga, hududda iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish, aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash borasida ham muammolar mavjud.

Majlisda viloyatni o‘rganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020 yil 28 noyabrdagi sessiyasida tanqidiy muhokama etilganligi, unda viloyat darajasidagi muammolarni hal etish bo‘yicha 88 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanganligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rish zarurligi qayd etildi. Bu borada mutasaddi idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi va muhokama qilindi.

Shuningdek, viloyatda o‘z yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi va uning ijrosi ustidan senatorlik nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

© 2019, Namangan viloyati Iqtisodiy taraqqiyot boshqarmasining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanganda www.nameconomy.uz manbasi ko'rsatilishi shart